среда, 20 февраля 2013 г.

Chalkash o'ylar

Bu, ayni paytdagi yozishga bo’lgan to’rtinchi urunishim. Besh daqiqadan beri, aynan nima haqida yozishni bilmayabman. Avvaliga Uning bugungi chexrasini eslab Baxt haqida gap boshlamoqchi edim. So’ng, negadir chalkashib ketdimda, bir necha oy avval yozgan yozuvlarimni o’qib qanday his tuyganim haqida yozgim kelib ketdi. So’ng, beixtiyor hayot va o’lim degan so’zlar bilan boshladim yozishni. Ammo, uni ham o’chirib tashladimda, yozilishga nasib bo’lgan mana shu so’zboshini qayd etdim.

Hayotimning har kunining o’tishini ko’rib qo’rqib ketyabman gohida. Kechagina meni yaqinlarimga beetiborlikda ayblashgandi. Qattiq ko’nglim og’ridi. Naxotki, ko’nglimdagi bor mehrimni atrofimdagilarga oshkora etib berolmayotgan bo’lsam, axir ko’ngil olish ilmidan no’noq bo’lsam qandoq qilay?! Ammo, men o’zim uchun emas, aynan yaqinlarim uchun yashashim, ularning saodati uchun harakat qilishim botinimga ma’lumku. O’y- hayollarim bilan naxot atrofimdagilar notanish bo’lsa?! Mendan o’zgarishimni so’rashdi. Kun bo’yi o’yladim. Kun bo’yi yig’ladim. Naxot, hayot shundan iborat bo’lsa?! Nega dunyo seni shundayligingcha qabul qila olmaydi?! O’zgarishlar soxtalikka olib bormaydimi?! Javobi yo’q savollar tonggacha tinch qo’ymadilar. Negadir o’limni tez-tez esladim. Javobning manziliga o’sha yerda yetilar balkim?!

Osmon yorishdi. Hayollarimda ham tong otdi. Endi boshqa kun, o’zga o’ylar egalladi ruximni. Har doimgidek o’qishga bordim. Bahorning hidini sezdim. Ham imtixonlar pallasidamiz. Ammo, negadir o’zimda shubxali xotirjamlik sezyabman. O’zimda doim sezadigan imtixon-qo’rquvini his qilmayabman. Bir kuylayman, bir yig’layman. Uning yuzini uzoqdan ko’rdimu, qush misoli qanot yoyib yoniga uchib yelganday sezdim o’zimni. Dugonamning to’y suratlarini ko’ra turib, vaximali o’ylarimdan yuragim uyushdi. O’z to’y kunim haqida o’yladim, Baxtli bo’lishni istadim. Usizlikdan qo’rqib ketdim… So’ng sevimli darsim boshlandi. Mazza qilib adabiyot haqida “sayradim”. Shoirlarga judayam havasim keladi. Balkim, Olloh, kelajakda ozroq yozish qobiliyatini bersa, o’zimni yozuvchilikda sinab ko’raymikin?! Aniqrog’i, shunday bo’lishini judayam hohlayabman, orzu qilaybman. Avval yozganlarimni o’qib, negadir bu safar o’zimga xushomad qildim. Ba’zi gaplarim  yoqib qoldiJ Tezroq shu haftani tugatsam, rejalashtirgan ishlarimni albatta bajarishim kerak. Meni qancha kitoblar kutib turibdiyu. Men ham ularni judayam sog’indim! Qarab tursam xonamdagi gullarimni ko’paytirib olibman. Bahordan darak berib bittasi g’uncha ochib, gulladi ham. Uning sharafiga ilhomim kelib ketib, sarpo to’qidim.  Futbolni chin ko’ngildan yahshi ko’raman, gullarni ham! Derazamni to’ldirib tashlasammikin ular bilan, a?! Vaqt bo’lsa bo’ldi, o’qiyman ham, to’qiyman ham. Keyin hadeb bunaqa narsalarni o’ylayvermasdan, ilmiy maqola yozish ustida ham bosh qotirishim kerak. Yangi oydan meni universitetimiz talabalari konferensiyasiga yozib olishgan. Ingliz tilini o’qitish uslublari haqida bosh qotirishim kerak. Judayam qiziqyabman dars berishga. Kutubxonaga o’tib kelishim kerak…

 Ux, miyam alg’ov-dalg’ov bo’lib ketdi. Ana, ko’p yozvordim. Har doimgidek gapni boshlaymanda, uni qanday tugatishni bilolmay sarsonman. Hullas, har kuni ming hil bo’lmasa ham o’n hil kayfiyat. Shuncha hil 
o’ylar. Balkim, ana shu chalkash hayollar girdobida bir kun kerakli javoblarni izlab toparman?!

19.02

Комментариев нет:

Отправить комментарий